Fransiyada ochiq joylarda tamaki chekish taqiqlandi: qoidabuzarlar jarimaga tortiladi
Fransiya plyajda tamaki iste’molini taqiqlagan ilk davlat sifatida tarixga kirdi.

2025-yil 1-iyuldan boshlab Fransiyada bolalar bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha ochiq joylarda tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish taqiqlandi. Endilikda bog‘lar, plyajlar, avtobus bekatlari, maktablar kirish hududlari va sport inshootlarida chekish qat’iyan man etildi. Bu chora Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning “2032-yilgacha tamakidan holi avlod”ni yaratish tashabbusi doirasida amalga oshirilmoqda.
Yangi qoidalarga ko‘ra, jamoat joylarida chekish bilan bog‘liq qoidalarni buzganlar, shu jumladan chet ellik sayyohlar ham, 90 yevro miqdorida jarimaga tortiladi. Agar jarima 15 kun ichida to‘lanmasa, uning miqdori 135 yevroga oshiriladi.
Fransiya bu borada Yevropada ilg‘or davlatga aylandi — plyajda tamaki iste’molini taqiqlagan ilk davlat sifatida tarixga kirdi. Avvalroq Ispaniya va Italiya ayrim hududlarda chekishga cheklovlar joriy qilgan edi.
Fransiyada tamaki iste’moli 1990-yillardan buyon pasayib bormoqda. 2024-yilgi sog‘liqni saqlash agentligi hisobotiga ko‘ra, hozirda katta yoshlilar orasida chekuvchilar ulushi 23 foizni tashkil etadi. 17 yoshli o‘smirlar orasida esa bu ko‘rsatkich 2022-yilga kelib 16 foizga tushgan. 2017-yilda bu raqam 25 foiz edi.
Shunga qaramay, Fransiya hali ham Yevropaning eng ko‘p tamaki iste’mol qiluvchi davlatlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu holat, asosan, Bolgariya, Turkiya va Jazoirdan mamlakatga noqonuniy yo‘llar bilan kirib kelayotgan kontrabanda sigaretlar oqimi bilan bog‘liq. Tadqiqotlarga ko‘ra, 2024-yilning o‘zida Fransiyada 18,7 milliardta noqonuniy sigaret iste’mol qilingan bo‘lib, bu umumiy iste’molning qariyb 38 foizini tashkil etadi.







