Qirg‘iziston aholi daromadlari o‘sishi bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchilik qilmoqda
Rossiyaga parallel importda Qirg‘iziston muhim tranzit nuqtaga aylangan.

Xalqaro valyuta jamg‘armasining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, 2022–2024 yillar davomida Qirg‘izistonda jon boshiga daromad 85 foizga oshib, 2500 dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich Markaziy Osiyoda eng yuqori o‘sish sifatida qayd etildi. Shu davrda Tojikistonda daromad 49 foizga, Qozog‘istonda 42 foizga, O‘zbekistonda esa 37 foizga ko‘tarilgan.
Iqtisodiy o‘sish sur’ati 2024-yilning birinchi choragida 13,1 foizni tashkil qilgan. XVJ bu yilgi umumiy o‘sishni 6,8 foiz deb baholab, o‘rta muddatda o‘sish 5,25 foizgacha pasayishini taxmin qilmoqda. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevga ko‘ra, hozirgi trend saqlanib qolsa, Qirg‘iziston yaqin yillarda jon boshiga daromad bo‘yicha O‘zbekistonga yetib olish ehtimoli katta.
Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov bu muvaffaqiyatni Qirg‘izistonda hokimiyatning markazlashuvi, soliq va bojxona tizimidagi tartibga solish ishlari hamda Rossiyaga nisbatan sanksiyalardan ustalik bilan foydalanish bilan bog‘laydi. Unga ko‘ra, Rossiyaga parallel importda Qirg‘iziston muhim tranzit nuqtaga aylangan.
Shunga qaramay, ekspertlar bu o‘sish doimiy bo‘lishiga ehtiyotkorlik bilan qaramoqda. Avtoritar boshqaruvning davom etishi, nepotizm yoki korrupsiyaga yo‘l ochilishi iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirishi mumkinligi ta’kidlanmoqda. Shu bilan birga, Qirg‘iziston hozircha bu vaziyatdan eng ko‘p foyda ko‘rgan mintaqa davlatlaridan biri bo‘lib qolmoqda.







