Jahon

Shimoliy Koreya Rossiyaga minglab askar yubormoqda

Urush hali uzoq davom etishi mumkin.

Shimoliy Koreya Rossiyaga minglab askar yubormoqda

Ukraina harbiy razvedkasi hisobotida qayd etilishicha, Shimoliy Koreya Rossiya safini kuchaytirish uchun 25–30 ming nafar askarni Ukrainadagi frontga yuborishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda CNN xabar berdi. Eslatib o‘tamiz, 2024-yil kuzida Shimoliy Koreya tomonidan allaqachon 11 ming askar yuborilgan edi. Ularning taxminan 4 ming nafari Kursk viloyatida halok bo‘lgan yoki jarohat olgan.

 

Ukraina razvedkasiga ko‘ra, yangi askarlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya bo‘linmalariga qo‘shilishi va bosib olingan hududlardagi jangovar operatsiyalarda ishtirok etishi mumkin. Sputnik tasvirlari asosida “Ropucha” desant kemalari va Il-76 yuk samolyotlarining faolligi qayd etilgan. Bu vositalar ilgari Shimoliy Koreya harbiylarini jo‘natishda ishlatilgan.

 

Janubiy Koreya razvedkasi ham KXDRda 2025-yilning iyul–avgust oylarida xorijga yuborish uchun askar tanlab olinayotganini tasdiqladi. Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov bu harakatlarni Rossiyada safarbarlik resurslarining tugayotganiga ishora sifatida baholadi. Ukraina bosh shtabi rahbari Aleksandr Sırskiy esa Rossiya Pokrovsk yo‘nalishida 110 ming askarni to‘playotganini va bu katta hujum tayyorgarligi bo‘lishi mumkinligini aytdi.

 

Shimoliy Koreya ilgari ham Rossiyaga kamida 100 ta ballistik raketa va 9 million dona artilleriya snaryadlari yetkazib bergan. Ukraina razvedkasi CNNga Shimoliy Koreya artilleriya ustavlarining rus tiliga tarjima qilingan nusxalarini ham taqdim etgan. Bu esa ikki davlat armiyalari o‘rtasidagi harbiy hamkorlik tobora chuqurlashayotganidan dalolat beradi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"