Shvetsariyada atom elektr stansiyasi qisman yopildi
Bunga Aare daryosidagi suv haroratining oshib ketgani sabab bo‘lgan.

Shvetsariyaning Aargau kantonida joylashgan Beznau atom elektr stansiyasi haddan tashqari issiqlik tufayli qisman yopildi. Stansiyaning ikki reaktoridan biri to‘xtatilgan, ikkinchisi esa faqat 50% quvvatda ishlamoqda.
Bunga Aare daryosidagi suv haroratining oshib ketgani sabab bo‘lgan. Beznau AESʼda sovitish minorasi yo‘q va reaktorlar daryo suvi bilan sovitiladi.
AES quvvatining cheklanishi daryo ekotizimini — ayniqsa flora va faunani — haddan tashqari isish va ifloslanishdan himoya qilish uchun amalga oshirildi.
Hozirda O‘rta yer dengizi mamlakatlari va G‘arbiy Yevropada kuchli jazirama kuzatilmoqda. Italiyada issiqlik sabab kasalxonalarga murojaatlar soni ortmoqda.







