Ukraina mehnatga layoqatli aholining 40 foizini yo'qotdi
Davlat chuqur demografik inqirozni boshdan kechirmoqda.

Urush oqibatida Ukraina mehnatga layoqatli aholining 40 foizini yo‘qotdi. Milliy bank va Iqtisodiyot vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, bu mamlakat mehnat bozori va iqtisodiy barqarorligiga katta zarba bo‘lmoqda.
Ijtimoiy siyosat vaziri birinchi o‘rinbosari Daria Marchakning ta’kidlashicha, hozirda 1,7 millionga yaqin ukrainalik xorijda yashamoqda va ishlamoqda. Bu esa urushdan oldingi iqtisodiy faol aholining 10 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi.
Bundan tashqari, Ukraina chuqur demografik inqirozni boshdan kechirmoqda — 65 yoshdan oshganlar ulushi 1991 yildagi 12 foizdan 2024 yilda 22 foizga yetdi. Bu esa aholi qarish sur’atlarining tezlashayotganini ko‘rsatadi.
Demograflar ogohlantirishicha, agar urush uzoq davom etsa, 2041 yilga kelib mamlakat aholisi 28,9 millionga, 2051 yilga borib esa 25,2 million kishiga kamayishi mumkin. Bu esa nafaqat mehnat resurslari, balki pensiya tizimi va ijtimoiy xizmatlar uchun ham katta bosim bo‘ladi.







