Buyuk Britaniyada sifatsiz Botoks sabab 28 ayol reanimatsiyaga tushdi
Botulinum toksini bilan zaharlanish holatlari bo‘yicha tergov ishlari boshlangan.

Buyuk Britaniyaning Piterli shahrida sifatsiz Botoks inʼeksiyasidan zaharlangan 28 nafar ayol shifoxonaga yotqizildi. Jabrlangan ayollarning barchasiga kosmetolog Gemma Grey tomonidan bir xil mahsulot ukol qilingan bo‘lib, u Britaniyada foydalanish taqiqlangan botulinum toksinini ishlatgani aniqlangan deb xabar beradi oxu.az nashri.
Jabrlanganlardan biri — 36 yoshli Kaley Beyli — muolajani odatdagidan ikki baravar arzon narxda olganini aytadi. Inʼeksiyadan so‘ng darhol o‘zini yomon his qilganini bildirgan Beyli: “Ko‘zlarim juda siqildi, doimiy yosh oqardi. Bir necha kundan keyin esa ko‘zlarim xiralashib ko‘ra boshladi”, — deydi.
Birinchi navbatda unga shifokorlar tomonidan uy sharoitida dam olish tavsiya etilgan bo‘lsa-da, ahvoli keskin yomonlashgan. Kasalxonada botulizm — kam uchraydigan, ammo hayot uchun xavfli bakterial zaharlanish aniqlangan. Beyli nafas olishda qiynalgan va uch kun davomida reanimatsiyada qolgan.
Ushbu voqeadan so‘ng yana 27 nafar ayolda ham o‘xshash zaharlanish alomatlari aniqlangan. Maʼlum bo‘lishicha, ular ham aynan Gemma Grey xizmatidan foydalangan. Ayni vaqtda kosmetologga nisbatan rasmiy tergov ishlari olib borilmoqda.







