Gavayiliklar Pentagonga qarshi: ajdodlar yerini talab qilishmoqda
Gavayidagi mahalliy aholi AQSh harbiylarining o‘z yerlaridan chiqib ketishini talab qilmoqda.

ABC News telekanalining ma’lumotiga tayanib oxu.azning ma'lum qilishicha, Gavayining tub aholisi — aborigen jamoalari, Pentagonning harbiy mavjudligiga qarshi norozilik bildirmoqda. Ular AQSh harbiylari joylashgan hududlar — ular uchun ajdodlardan qolgan muqaddas yerlar hisoblanishini ta’kidlashmoqda.
Norozilik ayniqsa Gavayining Oahu orolida joylashgan harbiy poligon atrofida kuchaygan. Mahalliy faollar fikricha, bu hududlar nafaqat bosib olingan, balki yer va suv manbalari ham ifloslangan.
“Ular nafaqat bizning yerlarimizni egalladi, balki suvimizni ham zaharladi,” — deydi “Ka Lāhui Hawaiʻi” tashkiloti vakili.
Hozirda AQSh harbiylari Gavayi orollarining taxminan 5 foizini nazorat qiladi. Garchi rasmiylar atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilayotganini aytishsa-da, Gavayiliklar tarixiy adolatsizliklar, ekologik zarar va mustamlaka ruhidagi yondashuvdan norozi.
Muhim jihatlardan biri shuki, harbiy bazalar joylashgan yerlar ijara asosida foydalanilmoqda va asosiy shartnomalardan biri 2029-yilda muddati tugaydi. Mahalliy aholi bu muddatdan so‘ng AQSh harbiylarining hududdan chiqib ketishini talab qilmoqda.
Shuningdek, jamoalar AQShning Tinch okeanidagi harbiy strategiyasiga norozilik bildirib, bu siyosat mahalliy qadriyatlar va muqaddas makonlarni yo‘q qilayotganini aytmoqda.







