Ispaniya aeroportida samolyot yonib ketdi
Hozirda yong‘in sabablari aniqlanmoqda.

Ispaniyaning Mayorka orolida joylashgan Palma (Son Sant Joan) xalqaro aeroportida Ryanair aviakompaniyasiga tegishli samolyotda yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa 6-iyulga o‘tar kechasi soat 00:30 atrofida uchish-qo‘nish yo‘lagida ro‘y berdi. Bu haqda EFE agentligiga tayanib point.md nashri xabar berdi.
Favqulodda signal qabul qilingach, aeroportga to‘rtta tez tibbiy yordam brigadasi yetib bordi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 18 nafar kishi tan jarohati olgan, ularning aksariyati yengil darajada. Olti kishi esa Palma shahridagi kasalxonalarga yotqizilgan.
Yong‘inning sabablari hozircha aniqlanmagan. Mazkur holat yuzasidan tegishli idoralar surishtiruv ishlarini boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, shu hafta boshida yana bir aviatsiya hodisasi yuz bergan: LOT Airlines aviakompaniyasining Sofiyadan Varshavaga uchayotgan samolyoti tormoz tizimidagi nosozlik tufayli favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgan edi.







