BAA Toncoin egalari uchun “oltin viza” dasturini ishga tushirdi
Pavel Durov kriptosi egalari BAAda oilaviy yashash huquqiga ega bo‘lishmoqda.

Birlashgan Arab Amirliklarida Toncoin kriptovalyutasi egalari uchun yangi imkoniyat e’lon qilindi. Pavel Durov tomonidan asos solingan ushbu kriptovalyutani kamida 100 ming dollar qiymatida sotib olgan shaxslar endilikda 10 yillik "oltin viza" olishlari mumkin. Bu haqda rbc.ru xabar berdi.
Dasturga ko‘ra, qo‘shimcha tarzda 35 ming dollar miqdorida komissiya to‘lanadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hujjatlar topshirilgandan so‘ng viza 7 haftadan kam muddatda berilishi mumkin.
Eng e’tiborlisi — bu viza faqat Toncoin egasining o‘ziga emas, balki uning turmush o‘rtog‘i, farzandlari va ota-onasiga ham BAAda yashash huquqini taqdim etadi.
Mazkur yangilik e’lon qilingach, Toncoin kursi 12 foizga oshdi.
BAAda “oltin viza” odatda kapitallari kamida 2 million dirham (taxminan 462 ming yevro) bo‘lgan investorlar va tadbirkorlar, shuningdek, yillik soliq to‘lovi 250 ming dirhamdan (taxminan 57 800 yevro) ortiq bo‘lganlar uchun ajratiladi.







