Madagaskar yaqinida 300 yillik qaroqchilar kemasi topildi
Kemadagi yukning bugungi kundagi bahosi 138 million dollarni tashkil etadi.

Madagaskar qirg‘oqlari yaqinida, 1721-yilda mashhur qaroqchilar hujumiga uchragan Portugaliya kemasi qoldiqlari topildi. Bu haqda Live Science nashri xabar berdi. “Nosa Senora du Kabo” nomli yelkanli kema Hindistondan qimmatbaho yuk bilan yo‘lga chiqqan va Olivye Levasser boshchiligidagi qaroqchilar tomonidan qo‘lga olingan.
Kema hozirda Nusi-Buraxa oroli yaqinidagi kichik bandargoh tubida yotgan. XVIII asr boshlarida bu hudud “qaroqchilikning oltin asri” davrida mashhur qaroqchilar makoni bo‘lgan. Kemaning aniqlangani ko‘plab dalillarga asoslanib, arxeologik va tarixiy tadqiqotlar yordamida tasdiqlandi.
Topilmalar orasida yog‘och va fil suyagidan yasalgan diniy buyumlar, arabcha yozuvli oltin tangalar va chinni parchalari bor. Bibi Maryam tasviri, xoch va Injil matni bitilgan taxtachalar kemaning diniy maqomini ko‘rsatadi. Bu buyumlar Goada tayyorlanib, Portugaliya markaziga – Lissabonga jo‘natilgan bo‘lishi mumkin.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, kemada Portugaliya vitse-qiroli va Goa arxiyepiskopi bo‘lgan. Bo‘ron sabab kema shikastlangan va jangga tayyor emas edi – shu bois 8-aprel kuni qaroqchilar tomonidan osongina egallangan. Olimlarning hisoblashicha, kemadagi yukning bugungi kundagi bahosi 138 million dollarni tashkil etadi. Vitse-qirol uchun to‘lov olingani ma’lum, ammo arxiyepiskopning taqdiri hanuz noma’lumligicha qolmoqda.





