AQSHga yana balo yog'ildimi: Tramp “аsr falokati”ga Baydenni ayblamoqda
Texasda qurbonlar soni 80 dan oshdi.

AQShning Texas shtatida ro‘y bergan kuchli suv toshqini oqibatida halok bo‘lganlar soni 82 nafarga yetdi. Qurbonlarning 68 nafari Kerr okrugida aniqlangan. Bedarak yo‘qolganlar soni esa hozircha 41 nafarni tashkil etmoqda.
Texas gubernatori Greg Abbot ma’lumotiga ko‘ra, eng ko‘p talafot Kerr okrugiga to‘g‘ri kelmoqda. Mahalliy sherif Larri Leyt bergan bayonotga ko‘ra, qurbonlar orasida 28 nafar bola bo‘lishi hodisaning dahshatli miqyosini yana bir bor tasdiqlaydi. Rasmiylar suv bosgan hududlarda izlash-qutqaruv ishlarini davom ettirmoqda.
Qidiruv ishlari ayniqsa Guadalupe daryosi yaqinidagi “Camp Mystic” yozgi qizlar lageriga qaratilgan. To‘fon vaqtida lagerda 750 ga yaqin kishi bo‘lgan, ularning aksariyati evakuatsiya qilingan, biroq 10 nafar qiz va 1 nafar maslahatchi bedarak yo‘qolgan hisoblanmoqda. Qidiruv ishlari 17 vertolyot, qidiruv itlari va yuzlab qutqaruvchilar ishtirokida olib borilmoqda.
Donald Tramp bu tabiiy ofatni “asr falokati” deb atab, uning oqibatlari uchun Jo Bayden ma’muriyatini tanqid ostiga oldi. Trampning fikriga ko‘ra, davlat tizimi toshqin xavfi haqida oldindan ogohlantirish va evakuatsiya ishlarini samarali tashkil eta olmagan.
Shuningdek, Tramp avvalgi yillarda ob-havo kuzatuvi va tabiiy ofatlarga tayyorgarlik bilan shug‘ullanuvchi federal idoralarda qisqartirishlar amalga oshirganligi uchun tanqidga uchragandi. Bunga javoban u shunday dedi: “Bu bizning tashkilot emas edi”, deb mas’uliyatni hozirgi hukumat zimmasiga yukladi.
Mustaqillik kuniga to‘g‘ri kelgan kuchli yomg‘irlar Kerr okrugida har kvadrat metrga 300 litr yog‘ingarchilik olib keldi — bu mintaqaning butun yillik normal yog‘inining uchdan biriga teng. Bu ko‘rsatkich suv toshqinining kuchli va kutilmaganligini yana bir bor tasdiqlaydi.







