Qozog‘istonda yana kuydirgi tarqaldi, ikki qishloq karantinga olingan
Kasallik yuqtirganlarning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda deb baholanmoqda, karantin 15 kun davom etadi.

Qozog‘istonning Oqmola viloyati, Otbosar tumanidagi ikki qishloqda kuydirgi kasalligi aniqlangani sababli favqulodda tartibda karantin joriy qilindi. Bu haqda mamlakat qishloq xo‘jaligi vaziri Ayderbek Saparov hukumat brifingida ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil iyun oyi oxirida Otbosar tumanida dastlab 4 kishida kuydirgi aniqlangan. Bemorlarning ahvoli o‘rta og‘ir deb baholangan va ularga barcha zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. 8-iyul holatiga kelib esa, 19 kishidan namunalar olingan bo‘lib, ularning 7 nafari rasmiy tasdiqlangan kuydirgi tashuvchilari sifatida qayd etildi, 1 nafar bemorning ahvoli og‘ir deb baholangan. Qolganlar tibbiy kuzatuv ostida.
Qishloqlar atrofida chorva va odamlarning kirib-chiqishi cheklangan. Maxsus to‘siqlar o‘rnatilib, epizootik brigadalar tomonidan dezinfeksiya va ularni zararsizlantirish ishlari olib borilmoqda. Karantin choralari 1-iyuldan kuchga kirgan. Karantin 15 kun davom etadi. Shundan so'ng, sinov uchun yangi namunalar olinadi. Agar kuydirgi borligi tasdiqlanmasa, karantin choralari bekor qilinadi.
Vazirlik matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, dastlab aytilgan 19 ta holatdan 7 tasi musbat, 12 tasi salbiy natija bergan. Kasallikdan himoyalanish uchun aholiga chorva mahsulotlaridan ehtiyotkorlik bilan foydalanish, go‘shtni faqat veterinariya nazoratidan o‘tgan joylardan xarid qilish tavsiya etildi.
Ma’lumot uchun, kuydirgi — Bacillus anthracis bakteriyasi keltirib chiqaradigan og‘ir infeksion kasallik bo‘lib, odamlarga asosan kasallangan hayvon, uning go‘shti yoki chiqindilari bilan bevosita aloqa orqali yuqadi. Kasallik odamdan odamga yuqmaydi.







