Britaniyalik olimlar sun’iy qon ishlab chiqarishda muhim yutuqqa erishdi
Sun’iy qon texnologiyasi og‘ir qon kasalliklarini davolash, donor qon tanqisligiga yechim bo‘lishi kutilmoqda.

Londondagi Qirolicha Meri universiteti olimlari sun’iy qon ishlab chiqarish texnologiyasida muhim ilmiy kashfiyotga erishdi. Science Signaling jurnalida chop etilgan tadqiqotda, kislorod tashuvchi asosiy qon hujayralari — qizil qon tanachalari (eritrotsitlar) shakllanishida CXCL12 deb nomlangan kimyokin signal oqsili hal qiluvchi rol o‘ynashi aniqlangan.
CXCL12 oqsili qizil qon hujayralarining yetilishi jarayonida ularning yadrosidan xalos bo‘lishini ta’minlaydi. Bu esa hujayralarning to‘liq shakllanib, organizm bo‘ylab kislorod yetkazish funksiyasini bajarishiga imkon beradi.
Tabiiy sharoitda bu murakkab jarayon suyak iligida sodir bo‘ladi. U yerda ildiz hujayralar ketma-ket eritroblastlarga aylanadi, so‘ngra yadrosidan ayrilib, yetuk eritrotsitlarga aylanishadi. Bu bosqich kislorod tashish samaradorligini oshirishda hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, laboratoriyada CXCL12 qo‘shilishi hujayra yetilishi jarayonini sun’iy tarzda taqlid qilishga yordam beradi. Bu texnologiya hozirda mavjud bo‘lgan sun’iy qon ishlab chiqarish usullariga nisbatan ancha samarali va barqaror bo‘lishi kutilmoqda.
Bugungi kunda sun’iy qon asosan kindik qoni yoki suyak iligi ildiz hujayralaridan olinadi, biroq ularning resursi cheklangan. CXCL12 yordamida yadrosiz hujayralar olish samaradorligi oshirilsa, sun’iy qonning ommaviy ishlab chiqarilishiga zamin yaratiladi.
Mazkur kashfiyot o‘roqsimon hujayrali anemiya, talassemiya kabi qon kasalliklarini shaxsiylashtirilgan dori vositalari bilan davolash imkonini beradi, shuningdek, sun’iy qon yetkazib berish orqali donor qoniga muhtojlikni kamaytiradi, ayniqsa urush, tabiiy ofatlar yoki izolyatsiyadagi hududlarda bu muammo hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.







