Rossiya tunda Kiyevga yirik havo hujumi uyushtirdi
Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar bor.

9 iyuldan 10 iyulga o‘tar kechasi Rossiya Kiyevga dronlar va ballistik raketalar bilan zarbalar berdi. Bu haqida Ukraina rasmiylari maʼlum qildi.
Kiyev shahar harbiy maʼmuriyati rahbari Timur Tkachenkoning xabar berishicha, Kiyevning olti tumanida hujum oqibatlari qayd etilgan.
Turar joy binolari, avtomobillar, omborlar, ofis va noturar binolar yongan. Tunggi hujumlar oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, 14 kishi jarohatlangan.
Tkachenko, shuningdek, Kiyevda havo ifloslanishi kuchayganligi sababli poytaxt aholisidan uylari derazalarini ochmaslikni so‘ragan.
“O‘tgan tunda Rossiya Ukraina tomon 18 ta raketa, jumladan ballistik raketalar va taxminan 400 ta dron uchirdi. Hujum deyarli o‘n soat davom etdi. Ruslarning asosiy nishoni poytaxt Kiyev bo‘lgan”, — dedi Ukraina prezidenti Zelenskiy.







