Qozog‘istonda qimor o‘ynagan 16 nafar amaldor lavozimidan bo‘shatildi
Uralsk hokimligi xodimlaridan biri 34 mln tenge (72,5 ming dollar) miqdorida pulni qimor uchun sarflagani aniqlangan.

G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida o‘tkazilgan prokurorlik tekshiruvlari natijasida 16 nafar mansabdor shaxs o‘z lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Zakon.kz saytiga tayanib, Oxu.Az xabar bermoqda.
Viloyat prokuraturasi tomonidan aniqlanishicha, ushbu amaldorlar qonunga zid ravishda bukmekerlik idoralari orqali qimor o‘yinlarida qatnashgan.
Xususan, Uralsk hokimligi xodimlaridan biri 2021-yil 5-iyundan 2025-yil 22-yanvargacha o‘z hisob raqamiga 34 million tenge (taxminan 72,5 ming dollar)dan ortiq mablag‘ o‘tkazgani aniqlangan.
Qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlar kuchga kirgach ham, u qimor faoliyatini davom ettirib, 1,74 million tenge (3,7 ming dollar) mablag‘ kiritgan va shundan 971 ming tenge (2 ming dollar)ni yo‘qotgan. Bu qonunbuzarlik sababli u ham lavozimidan chetlatilgan.
Umumiy tekshiruv yakunlariga ko‘ra, 24 nafar mansabdor intizomiy javobgarlikka tortilgan, ularning 16 nafari esa egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.







