Odamzod sayyoraning muvozanatini o‘zgartirib yubordi
Yer qutblari insoniyat qurayotgan minglab to‘g‘onlar tufayli sekin-asta siljib bormoqda.

So‘nggi 200 yil ichida insoniyat taxminan 7000 ta yirik to‘g‘on qurdi. Suv omborlarida yig‘ilgan ulkan suv miqdori natijasida Yer qutblari taxminan 1 metrga siljib ketgani aniqlanmoqda. Bu haqda Geophysical Research Letters jurnalida yangi ilmiy tadqiqot chop etildi.
Tadqiqotchilar bu holatni inson faoliyatining kutilmagan ta’siri sifatida baholamoqda. Yer o‘z o‘qi atrofida doimiy aylansa-da, qutblarning joylashuvi juda nozik muvozanatga bog‘liq. Suv omborlaridagi suv massasi Yerning og‘irlik markazini o‘zgartirgan va natijada qutblar siljiy boshlagan.
Olimlar fikricha, bu kutilmagan hodisa global isish jarayonlarini o‘rganish uchun ham foydali bo‘lishi mumkin. Chunki muzliklarning erishi natijasida ham Yer qutblari qanday harakatlanishi haqida qo‘shimcha ma’lumotlar to‘plandi.
Bundan avval ham inson faoliyatining Yer tuzilishiga bevosita ta’sir ko‘rsata boshlagani aniqlangandi. Masalan, Orol dengizining qurishi mintaqadagi yer osti qatlamlarining cho‘kishi va deformatsiyasiga olib kelgan. Olimlar endilikda insoniyat harakati nafaqat iqlimga, balki butun sayyoraning fizik holatiga ham ta’sir qilayotganini ta’kidlashmoqda.







