Qozog‘iston Rossiya bilan issiqlik elektr stansiyalari qurilishi bo‘yicha hamkorlikdan voz kechdi
Bosh vazir Oljas Bektenov Rossiyadan yordam kutmasdan qurilish boshlangani haqida ma’lum qildi.

Qozog‘iston hukumati issiqlik elektr markazlari (IEM) qurilishi bo‘yicha Rossiya bilan tuzilgan kelishuvdan voz kechib, loyiha amalga oshirilishini mustaqil ravishda boshladi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Oljas Bektenov matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab Rossiya bilan 2,7 milliard dollarlik qiymatga ega IEMlar qurilishi haqida kelishuvga erishilgan edi. Biroq, Rossiya tomonidan arzon moliyalashtirish bo‘yicha aniq kafolat taqdim etilmaganligi sababli, loyiha ichki imkoniyatlar hisobiga amalga oshirilmoqda.
"Hozircha Rossiyadan arzon va kafolatli moliyalashtirishga oid aniq ma’lumot olmaganimiz sababli, Kokchetau shahrida hech kimga murojaat qilmasdan o‘z kuchimiz bilan qurilishni boshladik", — dedi Bektenov.
Ushbu elektr markazlari Qozog‘istonning uch shahrida barpo etilmoqda.







