Taniqli bloger Abduroziq Dubay aeroportida hibsga olindi
21 yoshli bloger hozirda Dubayda yashaydi, BAA Oltin vizasiga ega.

Asli tojikistonlik mashhur bloger va xonanda Abduroziq Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay xalqaro aeroportida huquq-tartibot organlari tomonidan hibsga olindi. U o‘g‘irlikda gumon qilinayotgani aytilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 21 yoshli bloger Chernogoriyadan tongda Dubayga yetib kelganidan so‘ng qo‘lga olingan. Uning bo‘yi bir metrga yaqin bo‘lib, u mintaqadagi eng mashhur internet yulduzlaridan biri hisoblanadi.
Abduroziq bir necha yildan buyon Dubayda yashab keladi va BAAning Oltin vizasiga ega. U Bigg Boss 16 realiti-shousi, musiqiy chiqishlari va videolari orqali xalqaro miqyosda tanilgan.
2024-yilda u Dubayda Coca-Cola Arenada boksdagi ilk jangini o‘tkazgan, Buyuk Britaniyada esa “Habibi” restoran brendini ishga tushirgan edi.
Shuningdek, o‘tgan yili Hindistonda mehmonxona biznesi bilan bog‘liq pul yuvish tergovida guvoh sifatida so‘roq qilingan, biroq o‘shanda unga hech qanday ayblov qo‘yilmagan.







