Yevropa Ittifoqi Isroilga qarshi sanksiya joriy etmaslikka qaror qildi
Bryusselda tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi yakunida Isroilga nisbatan sanksiyalar hozircha kiritilmasligi, lekin vaziyat doimiy nazoratda bo‘lishi ta’kidlangan.

Yevropa Ittifoqi (YeI) Isroilga qarshi sanksiya qo‘llash masalasida hozircha ijobiy qarorga kelmadi. Bu haqda YeI vakili Kaja Kallas Bryusselda bo‘lib o‘tgan tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishidan so‘ng ma’lum qildi. Bu haqda The Conversation nashri xabar bergan.
Uning aytishicha, Isroilning G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini oshirish bo‘yicha YeI bilan kelishuvga ko‘ra “ba’zi ijobiy belgilar” mavjud. Shunga qaramay, Kallas aniq va ko‘proq amaliy qadamlar kutilayotganini ta’kidladi.
— “Isroilning o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini qanday bajarishini diqqat bilan kuzatib boramiz. Har ikki haftada bu jarayon bo‘yicha tahlil va baholash bo‘lib turadi,” — dedi Kallas.
Shuningdek, YeI sanksiyalar masalasini rad etmagan, ammo hozircha Isroilga qarshi choralarni joriy qilish rejalashtirilmagan. Kallasning qo‘shimcha qilishicha, agar Isroil o‘z majburiyatlarini bajarmasa, qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan boshqa choralar ro‘yxati ham ishlab chiqilgan.
— “Bu variantlar bizning kun tartibimizda qoladi va zarurat tug‘ilganda harakat qilishga tayyormiz,” — dedi YeI vakili.







