Qozog‘iston maktablarida yangi tarbiya dasturi joriy etiladi
1-sentabrdan boshlab barcha maktablarda “halol va mehnatkash fuqaro” tarbiyasiga alohida e’tibor qaratiladi.

Qozog‘iston Ta’lim vazirligi 1-sentabrdan boshlab mamlakatdagi barcha ta’lim muassasalarida yagona tarbiya dasturini joriy etishini ma’lum qildi. Dastur “halol va mehnatkash fuqaro”ni tarbiyalashga qaratilgan.
Vazirlikning bildirishicha, yangi dastur doirasida maktab binolarining dizayni ham milliy qadriyatlar va madaniyatni aks ettiradigan ko‘rinishda bo‘ladi.
Tarbiya ishlari faqat o‘qituvchilar bilan cheklanmaydi — bu jarayonga politsiya, shifokorlar, davlat idoralari va boshqa ijtimoiy tashkilotlar ham jalb etiladi.
Har oyda alohida mavzular bo‘yicha darslar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bular orasida adolat, vatanparvarlik, mehnatsevarlik kabi qadriyatlar asosiy o‘rinni egallaydi.
Ta’lim vazirligi bu tashabbus yosh avlodning ma’naviy va axloqiy tarbiyasini mustahkamlashga qaratilganini ta’kidladi.







