Trampga surunkali venoz yetishmovchiligi tashxisi qo‘yildi
Oq uy Trampning umumiy sog‘lig‘i hozirda yaxshi ekanini ma’lum qilgan.

AQSh prezidenti Donald Trampga yaqinda o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik davomida surunkali venoz yetishmovchiligi tashxisi qo‘yildi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt brifingda ma’lum qilgan.
“Tekshiruv natijalariga ko‘ra, surunkali venoz yetishmovchiligi aniqlangan. Bu 70 yoshdan oshgan insonlarda keng tarqalgan holat. Muhim jihati shundaki, chuqur venalar trombozi yoki arterial kasallik alomatlari aniqlanmadi”, — dedi Levitt.
So‘nggi haftalarda Donald Tramp oyoqlarida shish paydo bo‘lishidan shikoyat qilgan. Bundan tashqari, uning qo‘llarining orqa tomonida mayda ko‘karishlar ham kuzatilgan. Oq uy matbuot kotibi buni quyidagicha izohladi:
“Ko‘karishlar tez-tez va kuchli qo‘l siqishlar, shuningdek yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish uchun qabul qilinadigan aspirin bilan bog‘liq.”
Oq uy vakilining ta’kidlashicha, Donald Trampning umumiy sog‘lig‘i yaxshi, u har kuni o‘nlab odamlar bilan uchrashib, faol ish olib bormoqda. Shuningdek, surunkali venoz yetishmovchiligi to‘g‘ri nazorat qilinsa, jiddiy asoratlar xavfi tug‘dirmasligi aytib o‘tildi.
Ma'lumot uchun, surunkali venoz yetishmovchiligi bu— keksa yoshdagi insonlarda ko‘p uchraydigan qon aylanishi muammosidir. O‘z vaqtida davolansa va nazorat qilinsa, bemorning kundalik hayot faoliyatiga to‘sqinlik qilmaydi.







