Turkiya Ukraina-Rossiya muzokaralariga yana mezbonlik qiladi
Erdo‘g‘an va Putin telefon orqali gaplashdi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot olib bordi. Bu haqda Turkiya Prezident ma’muriyati rasmiy bayonot berdi.
Suhbat chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, mintaqaviy va global xavfsizlik masalalari muhokama qilindi. Erdo‘g‘an Rossiya va Ukraina o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarning uchinchi bosqichini boshlash muhimligini qayd etdi va Istanbul bu jarayonga yana mezbonlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.
— Turkiya tomonlar kelishganidan so‘ng, muzokaralarning yangi bosqichini Istanbulda o‘tkazishga tayyor, — deyiladi Prezident ma’muriyati bayonotida.
Bundan tashqari, Erdo‘g‘an Suriyadagi vaziyatni muhokama qilarkan, Turkiya ushbu hududda barqarorlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini davom ettirayotganini ta’kidladi.







