Yevropa Ittifoqi Turkiya fuqarolari uchun Shengen vizalarini soddalashtirdi
Yangi tartibga ko‘ra, vizani oldin olgan fuqarolar 6 oydan 5 yilgacha bo‘lgan muddatli vizalarni soddalashtirilgan shaklda olishi mumkin.

Yevropa Ittifoqi Turkiya fuqarolari uchun Shengen vizalarini olish tartibida yengilliklar joriy etdi. Bu haqda Anqarada Yevropa Ittifoqi elchisi Tomas Xans Osovski ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Turkiya OAV.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, ilgari Shengen vizasidan to‘g‘ri va qonuniy foydalangan Turkiya fuqarolari endilikda ikkinchi murojaatlaridan boshlab 6 oylik, keyinchalik esa 1, 3 va 5 yillik ko‘p martalik vizalarni soddalashtirilgan tartibda olishlari mumkin bo‘ladi.
— Bu ularga vizani olishni ancha osonlashtiradi va tezlashtiradi, — dedi Osovski.
Diplomat, shuningdek, Yevropa Ittifoqini Turkiya bilan vizasiz rejimni joriy etish bo‘yicha muzokaralarni zudlik bilan qayta tiklashga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, Yevrokomissiya 2025-yil yozidan keyin rasmiy muzokaralarni davom ettirishga tayyor.
Mazkur yengilliklar Turkiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.







