AQSh “dushman davlatlar” fuqarolarini ishdan bo‘shata boshladi
15-oktabrgacha yangi ishchilar yollash taqiqlangani sababli bo‘sh o‘rinlar to‘ldirilmaydi.

AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi Rossiya, Xitoy, Eron va Shimoliy Koreya fuqarolari bo‘lgan 70 ga yaqin xorijlik shartnoma ishchilarini ishdan bo‘shatdi. Bu haqda Fox News telekanaliga tayanib Oxu.Az xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ishdan bo‘shatilganlarning aksariyati Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xizmati (ARS)da faoliyat yuritayotgan xitoylik postdoktorantlar bo‘lgan. Rasmiylar bu qarorni AQShning milliy xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilganini bildirgan.
AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligining bayonotida aytilishicha, bu chora “dushman davlatlar” fuqarolarini davlat nazorati ostidagi tadqiqot faoliyatidan cheklashga qaratilgan keng strategiyaning bir qismi hisoblanadi. Natijada ularning ish ruxsatnomalari, kirish huquqlari va faoliyat doiralari darhol bekor qilingan.
Telekanal manbalariga ko‘ra, bu harakat tadqiqot loyihalariga bevosita ta’sir ko‘rsatgan. Jumladan, go‘sht toksinlariga qarshi vaksina ustida olib borilayotgan muhim ishlar vaqtincha to‘xtatilgan.
Shuningdek, 15-oktabrgacha davom etadigan federal darajadagi yangi ishga qabul qilish moratoriyasi sababli bo‘shagan o‘rinlarga yangi mutaxassislar jalb etilmasligi ma’lum qilingan.







