Xitoy dunyodagi eng yirik gidroelektr stansiyasi qurilishini boshladi
Power China qurayotgan ushbu GES hajm jihatidan “Uch Gorges to‘g‘oni”dan ham o'tib ketishi mumkin.

Xitoy hukumati Tibet platosida joylashgan Yarlung Tsangpo daryosida dunyodagi eng yirik gidroelektr stansiyasini qurishga kirishdi. Bu haqda “Interfaks” agentligi xabar berdi.
Loyiha ochilish marosimida Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Tsyan ishtirok etdi. Qurilish ishlarini Power China kompaniyasi amalga oshirmoqda. Kompaniya hisob-kitoblariga ko‘ra, mazkur GES yiliga 300 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Qurilish qiymati 167,1 milliard AQSh dollariga baholanmoqda.
GES tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi nafaqat mahalliy ehtiyojlarni, balki mintaqadan tashqaridagi hududlarni ham ta’minlashga xizmat qilishi rejalashtirilgan.
Yarlung Tsangpo daryosi Hindiston hududida Brahmaputra, Bangladeshda esa Jamuna nomi bilan tanilgan bo‘lib, Janubiy Osiyodagi eng yirik suv manbalaridan biri hisoblanadi. Shu sababli loyiha Hindiston va Bangladeshda xavotir uyg‘otdi.
Yanvar oyida Hindiston rasmiylari Xitoydan loyiha daryoning quyi oqimidagi aholiga zarar yetkazmasligiga kafolat berishni so‘radi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi esa bu qurilish quyi oqimdagi hududlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligini bildirgan va mintaqaviy hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Ommaviy axborot vositalarining ta’kidlashicha, qurilish yakunlangach, mazkur inshoot hajmi bo‘yicha Xitoyning Xubey provinsiyasida joylashgan va hozirda dunyodagi eng yirik GES hisoblangan “Uch Gorges to‘g‘oni”dan ham oshib ketishi mumkin.








