G‘azoda 4 yoshli qizcha ochlikdan vafot etdi
Blokada sabab bolalar orasida ochlik qurbonlari ko‘paymoqda.

Isroilning oziq-ovqat yetkazib berishni to‘xtatganidan so‘ng, G‘azoda 4 yoshli Razan Abu Zaher ochlikdan vafot etdi. CNN xabariga ko‘ra, qizaloq G‘azo markazidagi shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan.
G‘azoda urush boshlanganidan beri kamida 76 nafar bola va 10 nafar kattalar ochlikdan halok bo‘ldi. So‘nggi 24 soat ichida ocharchilik sababli 18 kishi vafot etgan. Qurbonlar orasida uch oylik chaqaloq ham bor.
CNN nashri bir oy oldin Razan bilan suhbat qilgan. O‘shanda onasi Tahrir Abu Daher “sut sotib olishga pulim yo‘q”, deya shikoyat qilgan. Urushdan oldin sog‘lom bo‘lgan qizaloq, yetarli ovqat yo‘qligi sabab holsizlangan va oxir-oqibat vafot etgan.
Isroil yordam yetkazishni HAMAS o‘g‘irlashi mumkinligini aytib, blokadani davom ettirgan. HAMAS bu ayblovlarni inkor qilgan. Isroil ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri G‘azoga 1,5 million tonnaga yaqin oziq-ovqat yetkazilgan.







