Dehli aeroportida o‘zbekistonlik ayol hibsga olindi
60 yoshli O‘zbekiston fuqarosi boshqa yo‘lovchining uchta sumkasini o‘g‘irlashda ayblanmoqda.

Hindiston poytaxti Dehlidagi Indira Gandi xalqaro aeroportida 60 yoshli O‘zbekiston fuqarosi boshqa yo‘lovchining bagajini o‘g‘irlashda gumonlanib hibsga olindi. Bu haqda mahalliy politsiya vakillari ma’lumot berdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 15-iyun kuni Kuala-Lumpurdan uchib kelgan yo‘lovchi aeroportning 3-terminalida o‘zining uchta qo‘l yukini yo‘qotganini bildirgan. O‘tkazilgan videokuzatuv tahlili natijasida, bir ayolning yuk kamaridan sumkalarni olib, taksi orqali aeroportni tark etgani aniqlangan.
Tergov davomida gumonlanuvchining shaxsi aniqlanib, u Dehliga qaytganida aeroportda qo‘lga olingan. Ayblanuvchi Hindistonga tijorat maqsadida kelgani, bagaj konveyerida o‘z yukini kutayotganida begona sumkalarni olganini tan olgan.
O‘g‘irlangan sumkalar Dehlining Paharganj tumanida joylashgan mehmonxonadagi xonadan topilib, egasiga qaytarilgan. Holat yuzasidan tergov davom etmoqda.







