AQSh Olimpiya qo‘mitasi trans-ayollarga ayollar musobaqalarida ishtirok etishni taqiqladi
Yangi siyosat "ayollar uchun adolatli va xavfsiz musobaqa muhiti yaratishni" ko‘zda tutadi.

AQSh Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitasi (USOPS) suzish, yengil atletika hamda boshqa sport turlari bo‘yicha milliy federatsiyalarni Prezident Donald Trampning fevral oyida imzolagan farmoniga rioya qilishga ogohlantirdi.
Qo‘mita tomonidan yuborilgan xatga ko‘ra, yangi siyosat "ayollar uchun adolatli va xavfsiz musobaqa muhiti yaratishni" ko‘zda tutadi. Bu esa trans-ayollarning ayollar musobaqalarida qatnashishini qat’iyan taqiqlaydi.
Farmon Prezident Tramp tomonidan 20 yanvar kuni, lavozimga kirishganidan so‘ng imzolangan eng dastlabki hujjatlardan biri bo‘lib, unda faqat biologik jinsni tan olish talabi belgilangan. Unga ko‘ra, agar biror maktab yoki universitet trans-ayollarga ayollar sport musobaqalarida ishtirok etishga ruxsat bersa, u davlat moliyaviy yordamidan mahrum qilinadi.
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) esa har bir xalqaro sport federatsiyasiga o‘z tartib-qoidalarini mustaqil belgilash huquqini bergan. Ayrim federatsiyalar bu borada allaqachon o‘z siyosatini yangilagan.
Qo‘shma Shtatlarda ushbu qaror jamoatchilik orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Qo‘llab-quvvatlovchilar bu chorani sportda adolatni saqlash deb hisoblayotgan bo‘lsa, tanqidchilar uni inson huquqlarini cheklovchi deb baholamoqda.







