Xitoyda epidemik holat: chikungunya isitmasining minglab yuqtirish holatlari aniqlandi
Mutaxassislar kasallik tarqalishini chivinlar, iqlim o‘zgarishi va zaif immunitet bilan bog‘lamoqda.

Xitoyning Guandun provinsiyasida chikungunya isitmasi epidemiyasi qayd etildi. Bloomberg agentligining yozishicha, iyul oyining boshidan beri Foshan shahrida 3100 dan ortiq odam ushbu virusni yuqtirgan. Bu mamlakatda so‘nggi yigirma yil ichida kuzatilgan eng yirik chikungunya epidemiyasi hisoblanadi.
Viloyat rasmiylari ma’lumotlariga ko‘ra, kasallikning ilk holati iyul oyi boshlarida aniqlangan. Virusning keng tarqalishiga javoban chivinlarga qarshi kurashish bo‘yicha favqulodda choralar ko‘rilmoqda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, tropik viruslar – jumladan, dang isitmasi, bezgak va Zika – so‘nggi yillarda yangi hududlarga tarqalmoqda. Bunga asosan global iqlim o‘zgarishlari, xalqaro sayohatlar sonining ortishi va aholining ushbu viruslarga qarshi zaif immuniteti sabab bo‘lmoqda.







