Moskvada o‘zbekistonlik migrant nogiron erkakni urib o‘ldirdi
26 yoshli jinoyatchi Rossiyada noqonuniy yashab kelgan va hozirda hibsda.

Rossiyaning Moskva viloyatiga qarashli Shchyolkovo shahrida sodir bo‘lgan ayanchli voqea bo‘yicha tergov harakatlari boshlandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 26 yoshli O‘zbekiston fuqarosi tomonidan 49 yoshli kar-soqov erkakka nisbatan jismoniy kuch ishlatilishi oqibatida u vafot etgan.
Voqea 2025-yil 20-iyul kuni chiqindi konteynerlari yaqinida yuz bergan. Mahalliy boshqaruv kompaniyasida vaqtinchalik ishchi sifatida faoliyat yuritayotgan ikki muhojir axlatni saralayotgan paytda, kar-soqov erkak imo-ishoralar orqali norozilik bildirgan. Gumonlanuvchilar uning harakatlarini tajovuz sifatida qabul qilganliklarini bildirishgan.
Shundan so‘ng, migrantlardan biri uni kaltaklagan. Jabrlanuvchining qorniga ikki marotaba, boshiga esa bir marta kuchli zarba bergani aniqlangan. Erkak hech qanday qarshilik ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, yiqilib tushganidan keyin boshini yerga urib, og‘ir jarohat olgan. Gumonlanuvchilar hodisa izlarini yashirish maqsadida uning jasadini butalar orasiga olib borib, voqea joyidan qochib ketgan.
Tergovchilar kuzatuv kameralari orqali jinoyat tafsilotlarini aniqlab, gumonlanuvchini qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lishdi. U Rossiyada noqonuniy yashab kelgan bo‘lib, hozirda hibsda saqlanmoqda.
Unga nisbatan “Ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga olib kelgan og‘ir tan jarohati yetkazish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.







