Buyuk Britaniyada yuzlab deputatlar Falastin mustaqilligini tan olishni talab qildi
Deputatlar Buyuk Britaniyaning BMTdagi roli va tarixiy majburiyatlarini inobatga olib, Falastinni tan olishni muhim qadam deb bilmoqda.

Buyuk Britaniya parlamentining turli partiyalarga mansub 220 nafar a’zosi mamlakat Bosh vaziri Kir Starmerga murojaat yo‘llab, Falastin davlatining mustaqilligini tan olishga chaqirdi. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.
Murojaatda qayd etilishicha, “Buyuk Britaniya Falastinning to‘liq erkinligi va suverenitetini ta’minlay olmasligini anglagan holda ham, rasmiy tan olish muhim siyosiy va diplomatik signal bo‘lib xizmat qiladi. Bu ayniqsa Buyuk Britaniyaning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashidagi doimiy a’zoligi va tarixiy mas’uliyati bilan bog‘liq”.
Deputatlar bu qadam Yaqin Sharqda barqarorlik va ikki davlatli yechim sari yo‘l ochishda xalqaro hamjamiyatga kuchli siyosiy signal bo‘lishini ta’kidlashgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 24-iyul kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Parijda bergan bayonotida mamlakat yaqin orada Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, bu qaror Fransiyaning xalqaro huquqqa sodiqligi va ikki tomonlama tinchlik kelishuvidagi ishtirokini ifodalaydi.
Falastin mustaqilligini hozirgacha dunyo bo‘yicha 140 dan ortiq davlat tan olgan. Yevropa Ittifoqining ba’zi a’zolari ham so‘nggi oylarda shu yo‘nalishda tashabbuslar ko‘rsatmoqda.







