Tailand-Kambodja mojarosi kuchaymoqda: janglar kurort hududlarga yaqinlashdi
Bahsli ibodatxona hududi sababli boshlangan to‘qnashuvlar ortidan 130 mingdan ortiq fuqaro xavfsiz joylarga ko‘chirildi.

Tailand va Kambodja o‘rtasida bir necha kundan buyon davom etayotgan qurolli mojarolar janubga siljib, mashhur kurort hududlarga yaqinlashmoqda. Bu haqda mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari xabar bermoqda.
Dastlab, to‘qnashuvlar ikki davlat o‘rtasidagi shimoliy chegara chizig‘i bo‘ylab kuzatilgan bo‘lsa, hozirda yangi janubiy front ochilgani ma’lum qilinmoqda. Xususan, jangovar harakatlar Tailandning Trat va Cnantxaburi provinsiyalarida olib borilmoqda. Mazkur hududlar poytaxt Bangkokdan 200 km, mashhur Pattaya kurort shahridan esa atigi 150 km masofada joylashgan.
Tailand rasmiylari xabariga ko‘ra, Kambodja armiyasi Тrat provinsiyasi hududidan davlat chegarasini buzib o‘tishga uringan, ammo Tailand harbiylari ularni ortga chekinishga majbur qilgan. Voqea ortidan Tailand Harbiy-dengiz kuchlari ham jangovar holatga keltirilib, hududga joylashtirilgan.
Mo‘jaroga sabab sifatida Preahvixea ibodatxonasi atrofidagi bahsli hudud ko‘rsatilmoqda. Qurolli to‘qnashuvlar oqibatida hozirga qadar 30 ga yaqin odam halok bo‘lgani, chegaraga yaqin hududlardan esa taxminan 130 ming kishi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingani bildirilmoqda.
Xavfsizlik choralari kuchaytirilib, xalqaro tashkilotlar har ikki tomonni zudlik bilan murosaga chaqirmoqda.







