Turkiyada noqonuniy mehnatga qarshi choralar kuchaytirildi
Noqonuniy ishlayotgan xorijiy fuqarolarni aniqlash holatlarida ularning deportatsiya bilan bog‘liq barcha xarajatlari ish beruvchilar zimmasiga yuklanadi.

Turkiyada ishga ruxsatsiz jalb qilingan xorijiy fuqarolar bilan bog‘liq deportatsiya xarajatlari ish beruvchilarning zimmasiga yuklanadi. Bu haqda mamlakat Adliya va Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida tasdiqlangan yangi normativ hujjatga tayangan holda Yeni Safak nashri xabar bermoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, agar xorijlik migrant mehnat faoliyatini rasmiy ruxsatsiz amalga oshirayotgan holatda aniqlansa, uni vaqtincha saqlash, deportatsiya markazlarida joylashtirish, oziq-ovqat, tibbiy xizmatlar va vatanga qaytarish xarajatlari to‘liq ish beruvchi tomonidan qoplanadi. Migrant oila a’zolari bilan bo‘lgan holatlarda, ularning xarajatlari ham ish beruvchining zimmasiga yuklanadi.
Agar migrant mamlakatni o‘z xohishi bilan tark etishni rad etsa, davlat tomonidan qilingan barcha harajatlar — shu jumladan, sud, soliq va boshqa ma’muriy yo‘llar orqali undiriladi.
Shuningdek, endilikda Turkiya ishtirokchisi bo‘lgan xalqaro shartnomalarda bevosita ko‘zda tutilgan holatlar bundan mustasno, har qanday xorijiy fuqaroni ruxsatsiz mehnat faoliyatiga jalb etish qat’iyan man etiladi. Bu chora orqali mehnat bozorida adolatli raqobatni ta’minlash, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish va xorijlik ishchilarning huquqlarini himoya qilish maqsad qilingan.








