Turkiyada tarixiy issiqlik: havo harorati ilk bor +50 darajadan oshdi
Bu global iqlim isishining xavotirli belgisi sifatida baholanmoqda.

25-iyul kuni Turkiya tarixida ilk bor havo harorati +50 darajadan yuqoriga ko‘tarildi. Mamlakatning janubi-sharqiy hududida joylashgan Shirnak viloyatining Silopi tumanida rasman +50,5°C issiqlik qayd etildi. Bu — Turkiya meteorologiya xizmatlari tarixidagi eng yuqori harorat ko‘rsatkichi sifatida ro‘yxatga olindi.
Turkiya Meteorologiya Boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu holat joriy yozda mamlakatda hukm surayotgan uzoq muddatli anomal issiq to‘lqinlari natijasidir. Mutaxassislar fikricha, bu global iqlim o‘zgarishlarining yaqqol ko‘rinishlaridan biridir.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda O‘zgidromet kuzatuvlari tarixida hozirgacha mamlakat hududidagi birorta meteorologik stansiyada +50°C yoki undan yuqori harorat rasmiy ravishda qayd etilmagan. Eng yuqori ko‘rsatkichlar odatda +46…+47°C oralig‘ida bo‘lgan.
Ammo iqlim o‘zgarishlari jarayonlari davom etsa, kelgusida bu rekord ko‘rsatkichlarga yaqinlashish ehtimoli mavjud, deydi mutaxassislar.
Hozirda nafaqat Turkiya, balki Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo va Shimoliy Afrika davlatlarida ham issiq to‘lqinlar ortidan favqulodda harorat ko‘rsatkichlari kuzatilmoqda.








