Hindiston ilk bor koinotga gumanoid robot yuborishga tayyorlanmoqda
“Vyommitra” nomli odamsimon robotning koinotga yuborilishi 2025-yil dekabr oyiga rejalashtirilgan.

Hindiston Kosmik Tadqiqotlar Tashkiloti (ISRO) koinotga ilk bor odamsimon robotni yuborishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu missiya mamlakatning ilk boshqariladigan kosmik parvozi — “Gaganyaan” dasturining muhim sinov bosqichlaridan biri bo‘ladi.
ISRO vakili V. R. Narayananning ma’lum qilishicha, dekabr oyida Vyommitra nomli ayol qiyofasidagi gumanoid robot ishtirokida parvoz amalga oshiriladi. “Vyoma” sanskrit tilida “koinot”, “Mitra” esa “do‘st” degan ma’noni bildiradi.
Maxsus ishlab chiqilgan ushbu robot koinotga uchiriladigan kapsula ichida avtonom tarzda parvoz qiladi. Missiyaning asosiy maqsadi — kosmik kemaning barcha muhim tizimlarini, jumladan hayot ta’minoti, boshqaruv, va xavfsizlik tizimlarini real fazo sharoitida sinovdan o‘tkazishdan iborat.
Agar dekabrdagi missiya muvaffaqiyatli yakunlansa, Hindiston 2026-yil davomida yana ikkita uchuvchisiz kosmik parvozni amalga oshirishni rejalashtirgan. Shundan so‘ng, 2027-yil mart oyida “Gaganyaan” boshqariladigan parvozi amalga oshiriladi. Bu haqida bosh vazir Narendra Modi ilgari rasman e’lon qilgan.







