Nyu-York markazida otishma sodir bo'ldi, unda 5 kishi halok bo‘lgan
Osmono‘par binoga kirib borgan hujumchi avval bir necha kishini, so'ngra o'zini otib o'ldirgan.

AQShning Nyu-York shahri markazida joylashgan Park Avenyudagi osmono‘par binoda sodir bo‘lgan otishmada kamida 5 kishi, jumladan, bir politsiya xodimi va qurollangan hujumchi halok bo‘ldi. Ushbu bino Blackstone investitsiya kompaniyasi, KPMG, Deutsche Bank va NFL (Milliy futbol ligasi) bosh qarorgohi joylashgan markaziy moliyaviy hududda joylashgan.
New York shahri politsiya komissari Jessika Tish bergan bayonotga ko‘ra, 27 yoshli Shane Tamura ismli hujumchi qora BMW mashinasidan tushib, M4 rusumli avtomatik qurol bilan binoga kirgan. U binoning kirish qismida NYPD xodimi Didarul Islamni otib o‘ldirgan, so‘ngra bir ayol va xavfsizlik xodimini ham otgan. Uchinchi qurbon 33-qavatda halok bo‘lgan.
Hujumchi hodisa joyida o‘z joniga qasd qilgan. Yana bir jabrlanuvchi kasalxonaga yotqizilgan. Rasmiylarning ta’kidlashicha, hozircha hujumning aniq sabablari noma’lum, ammo federal agentliklar voqeani faol ravishda tergov qilmoqda. Politsiyachi Didarul Islam — ikki farzandli, Bangladeshlik muhojir bo‘lgan va uchinchi farzandini kutayotgan rafiqasi bo'lgani aytilgan.
Shahar meri Erik Adams marhum politsiyachining jasoratini e’tirof etib, “U Nyu-Yorkliklarni himoya qilishda halok bo‘ldi, u haqiqiy qahramon edi”, dedi. Hozirda voqea joyi o‘rab olingan, xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.







