Hindistonda dunyodagi eng noyob qon guruhi aniqlandi
Yurak operatsiyasi vaqtida bemorning qoni hech bir donor bilan mos kelmagan.

Hindiston janubida joylashgan Karnataka shtatidagi tibbiy tadqiqotchilar dunyoda ilgari uchramagan, noyob qon guruhi antigenini aniqladilar. Bu haqda The New Indian Express nashri xabar berdi.
Kashfiyot Kolar tumanida yashovchi 38 yoshli bemorning yurak operatsiyasiga tayyorgarlik jarayonida ma’lum bo‘ldi. Tahlillarga ko‘ra, bemorning qon guruhi O (Rh+) bo‘lishiga qaramay, mavjud zaxiradagi O-musbat qon biror mos transfuzyon variantiga ega emas edi.
“Ilg‘or serologik tekshiruvlar asosida bemorning qoni pan-reaktiv ekanligi, ya’ni barcha sinov namunalariga javob bermasligi aniqlandi,” — dedi jarroh Ankit Mathur. Shundan so‘ng, bemorning 20 nafar yaqin qarindoshidan olingan namunalar ham mos kelmadi. Operatsiya esa qon quyilmasdan muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Namuna tahlillari Buyuk Britaniyadagi Xalqaro Qon Guruhi Referens Laboratoriyasi (IBGRL) hamda Bangalordagi mahalliy qon markaziga yuborildi. O‘n oylik chuqur tadqiqotlar natijasida yangi antijen mavjudligi tasdiqlandi va u rasmiy ravishda CRIB deb nomlandi.
2025-yil iyun oyida Milan shahrida o‘tkazilgan Xalqaro qon quyish jamiyati (ISBT) 35-mintaqaviy kongressida ushbu kashfiyot rasman taqdim etildi.
Bundan tashqari, Bangalor Qon Markazi Hindiston Tibbiy Tadqiqotlar Kengashi bilan hamkorlikda noyob qon guruhlariga ega ixtiyoriy donorlar reestrini tuzmoqda. Kelajakda CRIB guruhiga ega bo‘lgan donorlarni ham ushbu tizimga kiritish rejalashtirilgan.
Mutaxassislarning fikricha, bu kabi holatlar Hindistonda ayrim mintaqalarda mavjud bo‘lgan yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar tufayli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.







