Kanada va Malta Falastin davlatini tan olishini e’lon qildi
Kanada Bosh vaziri Mark Karni G‘azo sektoridagi vaziyatni keskin tanqid qildi.

Kanada va Malta rasmiylari Falastin davlatini tan olish rejasini e’lon qildi. Bu haqda “Euronews.com” nashri xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, har ikki davlat joriy yilning sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasining sessiyasida Falastin davlatini rasman tan olish niyatini bildirgan. Kanada va Malta shu tariqa bu borada avvalroq bayonot bergan Fransiya va Buyuk Britaniya pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi.
Kanada Bosh vaziri Mark Karni mamlakat hukumatining pozitsiyasini izohlar ekan, G‘azo sektoridagi insoniy inqirozni qayd etib, xalqaro hamkorlik vositasida mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash zarurligini ta’kidladi.
— Kanada uzoq yillardan buyon Isroil bilan yonma-yon, xavfsizlikda yashaydigan, suveren va hayotga qodir Falastin davlatining ikki davlatli yechim asosida shakllanishini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda, — dedi u.
Bosh vazirning ta’kidlashicha, Kanada Falastinda kuchli demokratik boshqaruvni yo‘lga qo‘yishga, xususan, 2026-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan, radikal guruhlarni istisno qiluvchi saylovlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Malta Tashqi ishlar vazirligi doimiy kotibi Kristofer Kutajar esa BMTning ikki davlatli yechimga bag‘ishlangan anjumanida so‘z olib, Malta Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini hamisha qo‘llab-quvvatlab kelganini eslatdi.
— Mas’uliyatli xalqaro hamjamiyat vakillari sifatida biz ikki davlat yechimini nazariyadan amaliyotga o‘tkazish uchun harakat qilishimiz kerak, — dedi u.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi esa ushbu qarorni tanqid qilib, “Kanada hukumatining ayni damdagi pozitsiyasining o‘zgarishi HAMAS uchun mukofot” ekanini bildirdi.







