Polshaning eng yirik aviakompaniyasi yoqilg'ini tejash uchun samolyotlarga yangi o'rindiqlar o'rnatadi
14 mingta yangi o‘rindiq Recaro tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, u samolyot og‘irligini kamaytirish va xizmat xarajatlarini pasaytirish imkonini beradi.

Polshaning eng yirik aviakompaniyasi — LOT Polish Airlines o‘z samolyotlarida yoqilg‘i sarfini kamaytirish, xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qisqartirish va yo‘lovchilarga qulaylikni oshirish maqsadida yangi, yengil va zamonaviy o‘rindiqlar o‘rnatishni boshlaydi.
Avia News nashri ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya ilk marotaba Boeing 737 MAX 8 va Airbus A220 samolyotlariga Germaniyaning Recaro kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan 14 ming dona yupqa o‘rindiqlarni joriy etadi. Ularning birinchi namunasi joriy yil yakuniga qadar yo‘lovchilarga taqdim etiladi.
Yangi o‘rindiqlarning afzalliklari quyidagilardan iborat:
Har bir o‘rindiqda 60 Vt quvvatli USB Type-C porti mavjud bo‘lib, telefon va noutbukni quvvatlash imkonini beradi;
Ichimlik uchun tokcha va qopqoqli qurilma ushlagichi bo‘lgan dizayn;
Sozlanadigan bosh suyagi yostig‘i — bo‘yinga qulaylik yaratadi;
Og‘irligi 10 kg dan kam bo‘lgan o‘rindiqlar samolyot og‘irligini kamaytiradi, bu esa yoqilg‘i tejamkorligiga xizmat qiladi;
Texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari pasayadi.
Nega o‘rindiqlar ko‘k rangda?
Aviatsiya sohasidagi mutaxassislar fikriga ko‘ra, ko‘k rang xotirjamlik, ishonch va osoyishtalikni uyg‘otadi. Bu yo‘lovchilarning stress darajasini pasaytiradi, yurak urishi va nafas olishni sekinlashtiradi. Shuningdek, ko‘k matolarda kir kamroq ko‘rinadi, bu esa parvozlar oralig‘ida tozalikni saqlashda amaliy ahamiyat kasb etadi.







