Fransiyada Parij hududiga teng maydon yonmoqda
1500 kishi evakuatsiya qilindi, minglab xonadon elektrsiz qolgan.

Fransiyaning janubiy qismida joylashgan Ode departamentida sodir bo‘lgan keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari oqibatida inson talofatlari va jiddiy zararlar yuzaga keldi.
Departament vakili Lyusi Reshning BFMTV telekanaliga bergan bayonotiga ko‘ra, tabiiy ofat hozirda yuqori faollik bilan davom etmoqda hamda yong‘in maydoni 11 ming gektarga yetgan. Taqqoslash uchun, bu maydon Parij shahrining hududiga teng.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida bir ayol halok bo‘lgan, u evakuatsiyaga rozi bo‘lmagan. Bir shaxs bedarak yo‘qolgan, yana to‘qqiz kishi tan jarohati olgan, shulardan biri og‘ir ahvolda. Jabrlanganlarning yetti nafari — yong‘inga qarshi kurashayotgan o‘t o‘chiruvchilardir.
Shuningdek, tabiiy ofat natijasida minglab xonadonlar elektr ta’minotisiz qolgan, 1500 nafar fuqaro vaqtincha boshpanalarga evakuatsiya qilingan.







