Ukrainaliklar o‘z yerini bosqinchiga bermaydi — Zelenskiy
Kiyev rahbari Trampning hududiy almashinuv haqidagi taklifiga javob qaytardi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH prezidenti Donald Trampning urushni to‘xtatish maqsadida Rossiya va Ukraina o‘rtasida kelajakda “hududiy almashinuv” bo‘lishi mumkinligi haqidagi so‘zlariga javob berdi.
“Ukrainaning hududiy masalasi bo‘yicha javob allaqachon Konstitutsiyamizda bor. Buni hech kim va hech qachon o‘zgartira olmaydi. Ukrainaliklar o‘z yerini bosqinchiga bermaydi”, — degan Zelenskiy ertalabki murojaatida.
“Ukraina tinchlik keltirishi mumkin bo‘lgan haqiqiy yechimlarga tayyor. Bizga qarshi bo‘lgan, Ukrainaning ishtirokisiz qabul qilingan har qanday qaror bu bir vaqtning o‘zida tinchlikka qarshi qaror hamdir. Ular hech narsaga olib kelmaydi. Bular “o‘lik” qarorlar va hech qachon ishlamaydi. Biz prezident Tramp hamda boshqa hamkorlarimiz bilan “haqiqiy tinchlik yo‘lida” ishlashga tayyormiz", — dedi Zelenskiy.
Avvalroq The Wall Street Journal manbalariga tayanib, Vladimir Putin Ukraina Donesk va Lugansk viloyatlaridan voz kechishi evaziga sulhga tayyor ekanini xabar qilgandi. Hozirda bu hududlarning katta qismi Rossiya nazorati ostida.







