AQShda falaj bemorlarning ichki nutqini o‘qiydigan miya chipi yaratildi
Sinovlarda 4 nafar falaj bemor ishtirok etdi, aniqlik 74 foizga yetdi.

AQShning Stenford universiteti olimlari falajlangan bemorlarda ichki nutqni aniqlash va qayta tiklash imkonini beruvchi ilk miya chipini sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda Financial Times nashri ma’lum qildi.
Avvalgi tadqiqotlarda inson gapirishga uringan paytda miyaning motor korteksi faoliyati o‘rganilgan bo‘lsa, yangi texnologiya fikrlash jarayonida yuzaga keladigan signallarni ham qayd etishga muvaffaq bo‘ldi.
“Biz ilk bor inson gapirishni xohlashidan avval miyada qanday jarayonlar kechishini tushuna oldik”, — deya ta’kidladi professor Erin Kunts.
Loyiha doirasida faqat ko‘z harakatlari orqali muloqot qila oladigan to‘rtta shol bemorda tajribalar o‘tkazildi. Ularning motor korteksiga maxsus elektrodlar joylashtirildi. Sun’iy intellekt yordamida nerv impulslarining fonemalarga mos naqshlari aniqlanib, so‘z va gaplar shakllantirildi.
Dekodlash aniqligi real vaqt rejimida 74 foizga yetgani qayd etildi. Stenford olimi Frenk Uilettning fikricha, kelajakda bu kabi tizimlar faqat fikr kuchi orqali to‘liq nutqni qayta tiklash imkonini berishi mumkin.
Mutaxassislar, shuningdek, foydalanuvchilarning fikrlari maxfiyligini ta’minlash maqsadida maxsus parol tizimini ham ishlab chiqishgan.







