Rossiyada migrantlarga yangi ish cheklovlari: faqat qurilish sohasi ochiq qoladi
Cheklovlar asosan O‘zbekiston, Tojikiston va Ozarbayjon fuqarolariga taalluqli.

Yamalo-Nenets avtonom okrugida 1-sentabrdan boshlab xorijlik mehnat migrantlari uchun yangi cheklovlar kuchga kiradi. Mintaqa hokimiyati qaroriga ko‘ra, endilikda chet elliklar ulgurji va chakana savdo tarmoqlarida hamda transport vositalarini ta’mirlash xizmatlarida faoliyat yurita olmaydi.
Hudud rahbari Dmitriy Artyuxovning ta’kidlashicha, yagona istisno — bu qurilish sohasi. “Qurilish sohasida chet ellik ishchilarsiz ishlarni olib borishning imkoni yo‘q. Shu bois migrantlarga faqat shu yo‘nalishda ishlash imkoniyati qoldiriladi”, — dedi gubernator Noviy Urengoy shahrida aholiga murojaatida.
Mazkur cheklovlar bosqichma-bosqich joriy etilmoqda: dastlabki tartib 28-aprelda, keyingisi 1-iyunda kuchga kirgan bo‘lsa, asosiy qoidalar 1-sentabrdan amalda bo‘ladi. Ular asosan Tojikiston, O‘zbekiston va Ozarbayjon fuqarolariga taalluqlidir.







