Moskvada general Kirillov qotilligi bo‘yicha tergov yakunlandi
Jinoyatda 29 yoshli O‘zbekiston fuqarosi ayblanmoqda.

Rossiya Qurolli kuchlari radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari qo‘mondoni, general-leytenant Igor Kirillov hamda uning yordamchisi Ilya Polikarpovning o‘limi yuzasidan olib borilgan tergov ishlari nihoyasiga yetdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur jinoyatni 29 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Ahmadjon Qurbonov sodir etganlikda ayblanmoqda. Tergov organlari aniqlashicha, Batuxan Tochiyev va Ramazon Padiev ham jinoyatga aloqador bo‘lib, ular gumondorga yashirin joy tashkil qilib bergan.
Tergov xulosasiga muvofiq, jinoyat ishi bo‘yicha barcha zarur protsessual hujjatlar rasmiylashtirilgan va materiallar jabrlanuvchilar vakillariga taqdim etilgan. Endilikda hujjatlar bilan tanishish jarayoni ayblanuvchilar va ularning himoyachilariga beriladi.
Moskvaning Basmanniy sudi tergovning iltimosiga binoan Qurbonov, Tochiyev va Padievning hibsda saqlanish muddatini 17-noyabrgacha uzaytirish haqida qaror chiqargan.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 17-dekabr kuni Moskvaning janubi-sharqidagi turar-joy majmuasida portlovchi moslama o‘rnatilgan skuter portlashi oqibatida general Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpov halok bo‘lgan edi. Qotillikda gumon qilingan Ahmadjon Qurbonov ertasi kuni qo‘lga olinib, tergov izolyatoriga joylashtirilgan.








