Qozog‘iston Qurolli Kuchlarida sun’iy intellekt bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yildi
Yangi tuzilma katta ma’lumotlarni tahlil qilish, boshqaruvni avtomatlashtirish va tezkor qarorlar qabul qilishda AI texnologiyalaridan foydalanadi.

Qozog‘iston Mudofaa vazirligi tarkibida sun’iy intellekt texnologiyalarini harbiy boshqaruv tizimlariga joriy etish va ularni rivojlantirishga ixtisoslashgan yangi bo‘linma tashkil etildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, yangi tuzilma Qurolli Kuchlarni raqamlashtirish jarayonining asosiy tarkibiy qismi bo‘lib xizmat qiladi.
Yangi bo‘linma zimmasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklatilgan:
katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish;
boshqaruv tizimlarini avtomatlashtirish;
operativ ssenariylarni modellashtirish;
harbiy sharoitlarda qaror qabul qilish tezligini oshirish uchun sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqish va joriy etish.
Shuningdek, mazkur bo‘linma xalqaro va mahalliy tadqiqot markazlari, yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamda IT-kompaniyalar bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Bu esa mudofaa sohasida ilg‘or ishlanmalarni keng tatbiq etish va sun’iy intellektni harbiy qo‘llash bo‘yicha milliy ilmiy maktabni shakllantirish imkonini beradi.
Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi tashabbus kadrlar salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi. Zamonaviy raqamli tizimlar va algoritmlar bilan ishlay oladigan ofitser-tahlilchilar va ixtisoslashgan mutaxassislarni tayyorlash rejalashtirilgan.








