Shimoliy Koreya Seulni provokatsiyada ayblamoqda
Janubiy Koreya harbiylari KXDR bilan chegarada ogohlantiruvchi o‘q ochgan.

Shimoliy Koreya Janubiy Koreya harbiylarini chegarada provokasion harakatlarda aybladi. Bu haqda Koreya Xalq Armiyasi Bosh shtabi o‘rinbosari, general-leytenant Ko Jong Chol ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Koreya harbiylari chegarada to‘siq o‘rnatayotgan KXDR askarlariga qarata katta kalibrli pulemyotdan 10 dan ortiq o‘q uzgan.
Pxenyanning bildirishicha, bu voqea AQSh va Janubiy Koreya o‘tkazayotgan Ulchi Freedom Shield qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari fonida yuz bergan. “Bunday harakatlar xavotirli alomat bo‘lib, vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin. Armiyamiz chegaradagi holatni diqqat bilan kuzatib bormoqda”, dedi general-leytenant Ko Jong Chol.
Janubiy Koreya Birlashgan shtab boshliqlari esa bayonotida, o‘q uzish holati Shimoliy Koreya askarlari noaniq qurilish ishlari olib borayotgan paytda harbiy demarkasiya chizig‘ini qisqa muddatga kesib o‘tganidan so‘ng yuz berganini tasdiqladi. Ularning qayd etishicha, Shimoliy Koreya askarlari hududiga ortga qaytgan, qarshi tomondan esa javob o‘qi bo‘lmagan.
So‘nggi oylar davomida Janubiy Koreya chegarada bir necha bor ogohlantiruvchi o‘qlar va karnay orqali xabar berish usullaridan foydalangan. Mutaxassislarning fikricha, Shimoliy Koreya chegarani mustahkamlash, minalar qo‘yish va boshqa ishlarni olib borayotgani sababli bu kabi vaziyatlar tobora tez-tez kuzatilmoqda.







