Farg‘onada aka meros sabab o‘gay ukasini pichoqlab o‘ldirdi
Ayblanuvchi meros ulushi tufayli o‘gay onasi va ukasi bilan tez-tez janjallashib turgan.

Farg‘ona viloyatida meros taqsimoti bilan bog‘liq oilaviy kelishmovchilik og‘ir jinoyatga sabab bo‘ldi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Furqat tuman sudida ushbu voqea yuzasidan hukm o‘qildi.
Sud materiallariga ko‘ra, fuqaro o‘gay onasi va voyaga yetmagan ukasining merosdan ulushdor bo‘lishidan norozi bo‘lib, ular bilan tez-tez janjal chiqargan. Navbatdagi nizoda u maktabga ketmoqchi bo'layotgan ukasiga hujum qilib, uni xo‘jalik binosiga sudrab olib kirgan va tanasining turli qismlariga ko‘plab pichoq zarbalari yetkazgan. Natijada voyaga yetmagan yigit voqea joyida halok bo‘lgan.
Hodisa chog‘ida oilaning otasi ham jarohatlangan. Ayblanuvchi unga ham pichoq bilan hujum qilib, yengil tan jarohati yetkazgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Furqat tuman sudi mazkur shaxsni aybli deb topib, unga 15 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.







