Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi tashkil etiladi
Yangi agentlik aloqa xizmatlari sifatini nazorat qiladi.

O‘zbekistonda telekommunikatsiya sohasida tartibga solish tizimini takomillashtirish maqsadida yangi davlat organi — Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi tashkil etiladi. Bu haqda Prezidentning 21-avgust kuni imzolagan PF–142-sonli farmonida belgilab qo‘yildi.
Agentlikning asosiy vazifasi — mamlakat bo‘ylab aloqa operatorlari va internet provayderlari ko‘rsatayotgan xizmatlar sifatini doimiy ravishda nazorat qilishdir. Farmonga ko‘ra, agentlik xizmat sifati belgilangan standartlarga mos kelishini har oyda kamida bir marta monitoring qilib boradi.
Yangi agentlik moliyaviy va tashkiliy jihatdan mustaqil bo‘lib, o‘z vakolatlari doirasida qarorlar qabul qilish huquqiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, u o‘z faoliyati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga hisobot berib boradi.
Mazkur qaror telekommunikatsiya xizmatlari sifatini oshirish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish va sohada adolatli raqobat muhitini yaratishga qaratilgan.







