Rossiya-Ukraina urushida jang qilgan o‘zbekistonlik yigit javobgarlikka tortildi
U Rossiya bilan shartnoma imzolagan, janglarda jarohatlangan va O‘zbekistonga qaytgach o‘zini huquq-tartibot organlariga topshirgan.

O‘zbekiston fuqarosi xorijda harbiy harakatlarda ishtirok etgani uchun sud hukmiga tortildi.
Sud materiallariga ko‘ra, Shahrisabz tumanida yashovchi fuqaro 2024-yil iyun oyida Rossiyaga ishlash maqsadida borgan va oradan ko‘p o‘tmay Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yillik shartnoma imzolagan.
Harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlaridan so‘ng u jangovar hududga yuborilgan va uchuvchisiz uchish apparatlari hujumi oqibatida ikki marotaba jarohat olgan. Davolanishdan keyin unga ta’til berilgan. Shu davrda u O‘zbekistonga qaytib, o‘z ixtiyori bilan davlat xavfsizlik organlariga murojaat qilgan.
Shahrisabz tuman sudi uni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi (“Yollanma”)ga asosan aybli deb topib, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.







