Toshkent viloyatida 3 ta hibsxona faoliyati to‘xtatildi
O‘rganish davomida ular sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligi aniqlangan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Toshkent viloyatidagi vakili hamda jamoatchilik guruhlari 2025 yil iyun oyida Quyichirchiq va Chinoz tumanlari IIB vaqtincha saqlash hibsxonalarida monitoring o‘tkazdi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Ombudsman Ichki ishlar vazirligiga taqdimnoma kiritgan edi.
Maʼlumotga ko‘ra, mazkur kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur choralar ko‘rildi. Xususan, Quyichirchiq tumani hibsxonasiga ventilyatsiya tizimi va radioeshittirish qurilmasi o‘rnatildi, kameralar kerakli jihozlar bilan taʼminlandi. Shuningdek, sayr qilish hovlisi hamda sanitariya tarmoqlari (hojatxona va yuvinish joylari) taʼmirlanib, gigiyena talablariga moslashtirildi.
Bundan tashqari, sanitariya-gigiyena talablariga javob bermagan Chinoz, Qibray va Yuqorichirchiq tumanlaridagi vaqtincha saqlash hibsxonalari faoliyati 2025 yil 21 iyulda Ichki ishlar vaziri buyrug‘i bilan to‘xtatildi.







